Mazkur qoidalar (keyingi o‘rinlarda — “Qoidalar”) “RAMAZON 2026” xayriya tashabbusini (keyingi o‘rinlarda — “Tashabbus”) o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1. MAZKUR QOIDALARDA QO‘LLANILADIGAN ATAMALAR VA ULARNING TA’RIFLARI
1.1. Tashabbus — Tashkilotchining “RAMAZON 2026” nomli xayriya loyihasi bo‘lib, muqaddas Ramazon oyiga bag‘ishlangan hamda muhtoj shaxslar va ijtimoiy muassasalarga ijtimoiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan. Tashabbus Tashkilotchining ixtiyoriy xayriya faoliyati sifatida amalga oshiriladi va rag‘batlantiruvchi aksiya, sodiqlik dasturi yoki bonus dasturi hisoblanmaydi. Tashabbus qimor o‘yini, lotereya yoki o‘yin biznesi sohasidagi xizmat hisoblanmaydi hamda har qanday shakldagi qimor o‘yinlarida foydalanilishi mumkin emas. Tashabbus Tashkilotchining xayriya faoliyati sifatidagi ijtimoiy tashabbusi hisoblanadi.
1.2. Veb-sayt — www.uz.uklon.eu Internet manzilidagi veb-sahifa hisoblanadi.
1.3. Buyurtma — Foydalanuvchining yengil transport vositasida yo‘lovchilarni tashish, yengil transport vositasida kichik hajmli yuklarni tashish yoki Mobil ilova orqali vaqti-vaqti bilan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlardan foydalanish bo‘yicha so‘rovi bo‘lib, zarur rekvizitlar asosida rasmiylashtirilgan.
1.4. Tashkilotchi — “UKLON UB” mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona, STIR 310448243, manzil: O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, P. Mahmud ko‘chasi, 26-uy.
1.5. Uklon mobil ilovasi va/yoki Mobil ilova — “Uklon” nomli iOS va Android elektron qurilmalari uchun mo‘ljallangan mobil ilova ko‘rinishidagi EHM dasturining nusxasi bo‘lib, u Foydalanuvchiga “Uklon” Onlayn-servisiga kirish vositasi sifatida taqdim etiladi.
1.6. “Uklon” onlayn xizmati (keyingi o’rinlarda – “Onlayn xizmat”) — Mobil ilova hamda o‘zaro bog‘langan elektron hisoblash mashinalari uchun mo‘ljallangan dasturlar majmuasi va raqamlar, harflar, belgilar, tasvirlar va ularning kombinatsiyalari (jumladan grafik axborot, videoaxborot va h.k.) ko‘rinishidagi elektron ma’lumotlardan iborat texnologik platforma bo‘lib, u Foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan Buyurtmalar va Hamkorlar tomonidan joylashtirilgan Xizmat takliflari haqidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish, yig‘ish, qayta ishlash, tarqatish, saqlash va taqdim etish, shuningdek, talab va taklif nisbatini, ob-havo sharoitlarini, yo‘nalishni, yuklama darajasini va boshqa omillarni inobatga olgan holda Buyurtma qiymatini avtomatik hisoblab chiqarish uchun mo‘ljallangan. Onlayn-xizmat avtomatik tarzda yo‘nalishlarni tuzadi hamda Foydalanuvchi va Hamkor o‘rtasidagi aloqa uchun zarur bo‘lgan ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi. Onlayn-xizmat Foydalanuvchiga o‘zining Buyurtma bajarilishi ehtimoliga doir mezonlariga muvofiq avtomatik ravishda shakllantirilgan Hamkorlar takliflarini izlash va ular bilan tanishish imkonini beradi, Foydalanuvchiga tegishli Buyurtmalar va Hamkor takliflarini o‘z xohishiga ko‘ra joylashtirish, tasdiqlash yoki rad etish, o‘zining joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qilish, Xizmatlar tavsiya etilgan qiymatini o‘zgartirish, Onlayn-xizmat va Hamkorlarga baho berish va ular bilan o‘zaro aloqada bo‘lish, dastur tomonidan qurilgan yo‘nalishlardan real vaqt rejimida foydalanish imkonini beradi — bularning barchasi Onlayn-xizmatning foydalanish uchun taqdim etilgan funksional imkoniyatlariga muvofiq amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Onlayn-xizmat “Uklon” Mobil Ilovasi doirasida grafik, matnli, video va boshqa turdagi reklama materiallarini joylashtirish va namoyish etish imkoniyatini ta’minlaydi. Bunday materiallarning ko‘rsatilishi Foydalanuvchining xulq-atvoriga oid belgilar va/yoki uning Onlayn-xizmat bilan o‘zaro aloqasi xususiyatlari hisobga olingan holda amalga oshirilishi mumkin. Onlayn-xizmat kompyuter dasturlash natijasi hisoblanadi va dasturiy mahsulot turiga kiradi.
1.7. Hamkor — yengil transport vositasida yo‘lovchilarni tashish, yengil transport vositasida kichik hajmli yuklarni tashish yoki “Uklon Driver” Mobil ilovasi orqali vaqti-vaqti bilan mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni Foydalanuvchiga ko‘rsatadigan va/yoki taklif etadigan uchinchi shaxs (yuridik shaxs yoki o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs) bo‘lib, Tashkilotchi bilan shartnoma munosabatlarida bo‘ladi.
1.8. Foydalanuvchi — “Uklon” Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 18 (o‘n sakkiz) yoshga to‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs.
1.9. Tashabbusni o‘tkazish muddati va— Tashabbus o‘tkaziladigan vaqt oralig‘i bo‘lib, 2026-yil 19-fevral soat 00:00 dan 2026-yil 19-martga qadar (shu kunni ham qo‘shgan holda) amal qiladi (Toshkent vaqti, GMT+5).
1.10. Tashabbus o‘tkaziladigan hudud — Tashabbus shartlari amal qiladigan hudud. Aksiya O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri hududida Onlayn-servis Foydalanuvchilari o‘rtasida o‘tkaziladi.
1.11. Choy-chaqa — Foydalanuvchi tomonidan safar yakunlanganidan so‘ng “Uklon” Mobil ilovasi funksionali orqali Hamkorga ixtiyoriy ravishda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan pul to‘lovi.Choy-chaqani hisoblash va to‘lash tartibi https://uz.uklon.eu/user-agreement/foydalanuvchi-shartnomasi/� havolasi orqali joylashtirilgan Foydalanuvchi kelishuvi shartlariga muvofiq tartibga solinadi.
2. TASHABBUS MEXANIZMI
2.1. Tashabbus o‘tkazish muddati yakunlangandan so‘ng, Tashkilotchi o‘z mablag‘lari hisobidan Tashabbus o‘tkazish muddati davomida Foydalanuvchilar tomonidan “Uklon” Mobil ilovasi orqali Uklon Hamkorlariga to‘langan naqdsiz Choy-chaqalarning ikki baravariga teng summani xayriya maqsadlariga yo‘naltiradi.
2.2. Xayriya summasini hisoblashda faqat quyidagi Choy-chaqalar inobatga olinadi:
2.2.1. “Uklon” Mobil ilovasi funksionali orqali naqdsiz shaklda to‘langan;
2.2.2. Foydalanuvchining bank kartasidan amalda yechib olingan.
2.3. Hamkorga bevosita naqd pul shaklida berilgan Choy-chaqalar xayriya badali hisob-kitobiga kiritilmaydi.
2.4. Tashkilotchining yakuniy xayriya badali summasi Tashabbus o‘tkazish muddati davomida amalda to‘langan naqdsiz Choy-chaqalarning umumiy summasini 2 koeffitsiyentga ko‘paytirish orqali aniqlanadi. Bunda Choy-chaqalar to‘liq va to‘laligicha Hamkorlarga o‘tkaziladi hamda ular xayriya maqsadlariga ushlab qolinmaydi, jamlanmaydi yoki yo‘naltirilmaydi.
2.5. Mazkur Tashabbus doirasida Foydalanuvchilar ehson amalga oshirmaydilar va xayriya badallarini o‘tkazmaydilar. Choy-chaqalar Hamkorlarning mukofoti hisoblanadi va xayriya yordami summasiga kirmaydi. Mazkur summalar faqat Tashkilotchining xayriya badali miqdorini aniqlash uchun hisob-kitob bazasi sifatida qo‘llaniladi. Xayriya badali Tashkilotchi tomonidan mustaqil ravishda va faqat o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
2.6. Tashabbus doirasida xayriya maqsadlariga yo‘naltiriladigan mablag‘larning umumiy maksimal miqdori (ikki baravar oshirilganini inobatga olgan holda) hisob-kitob qilingan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki kursi bo‘yicha ekvivalentda 20 000 (yigirma ming) AQSh dollaridan oshmaydi.
2.7. Tashkilotchi o‘z xohishiga ko‘ra xayriya badali miqdorini oshirish va mazkur Qoidalarning 2.4-bandiga muvofiq hisoblangan summadan ortiq mablag‘ni xayriya maqsadlariga yo‘naltirish huquqiga ega. Bunday oshirish Tashkilotchining ixtiyoriy qarori hisoblanadi va kelgusida shunga o‘xshash oshirishni amalga oshirish majburiyatini yuzaga keltirmaydi.
2.8. Tashkilotchi Tashabbus shartlari, Hududi va o‘tkazish Muddatlarini o‘zgartirish huquqiga ega. Bunda yangilangan Qoidalar versiyasi Tashabbus Veb-saytida joylashtirish (e’lon qilish) orqali amalga oshiriladi. Ko‘rsatilgan o‘zgartirishlar Veb-saytda e’lon qilingan paytdan boshlab kuchga kiradi, agar Qoidalarning o‘zida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa.
3. XAYRIYA YORDAMINI AMALGA OSHIRISH FORMATLARI
3.1. Xayriya yordami mablag‘lari Tashkilotchi tomonidan tovarlar, oziq-ovqat mahsulotlari va boshqa moddiy boyliklarni mustaqil ravishda xarid qilish yoxud donorlik (xayriya badallari shaklida pul mablag‘larini o‘tkazish) ko‘rinishida foydalanilishi mumkin.
3.2. Xayriya yordami quyidagi formatlarda amalga oshirilishi mumkin:
- mehribonlik uylari va saxovat maskanlarida issiq ovqat tashkil etish;
- qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalar uchun oziq-ovqat qutilarini shakllantirish va yetkazib berish;
- ijtimoiy muassasalarga donorlik shaklida maqsadli moddiy yordam ko‘rsatish.
3.3. Xayriya yordami mablag‘lari o‘tkazilishi yakunlanganidan so‘ng 30 (o‘ttiz) kalendar kuni ichida Tashkilotchi Tashabbusni amalga oshirish yakunlari to‘g‘risidagi ma’lumotni Tashkilotchining ijtimoiy tarmoqlarida hamda Tashkilotchi tanloviga ko‘ra boshqa tashqi axborot kanallarida (masalan, messenjerlar, OAV va boshqalar) e’lon qiladi.
4. UMUMIY SHARTLAR
4.1. Mazkur Qoidalar axborot xususiyatiga ega bo‘lib, faqat Tashkilotchining xayriya tashabbusini amalga oshirish shartlarini oshkor etishga qaratilgan. Qoidalar ommaviy oferta, ehson shartnomasi yoki uchinchi shaxslar oldidagi majburiyat hisoblanmaydi hamda Foydalanuvchilar yoki boshqa uchinchi shaxslarda xayriya yordamining muayyan summasini o‘tkazishni talab qilish huquqini yuzaga keltirmaydi.
4.2. Tashkilotchi, shuningdek u tomonidan jalb etilgan uchinchi shaxslar Internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa faoliyatidagi har qanday texnik uzilishlar, shuningdek “Uklon” Mobil ilovasi yoki to‘lov tizimlari ishida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa texnik nosozliklar uchun javobgar emas, agar bunday holatlar Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Choy-chaqa to‘lovini amalga oshirishning imkonsizligiga olib kelsa.
4.3. Tashkilotchi Tashabbusni to‘liq yoki qisman o‘tkazish uchun uchinchi shaxslarni jalb etish huquqiga ega.
4.4. Tashabbusni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi. Mazkur Qoidalarni talqin qilishda ikki xil ma’noga yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan holatlarda, shuningdek Qoidalar bilan tartibga solinmagan nizoli masalalar yuzaga kelganda, yakuniy qaror Tashkilotchi tomonidan qabul qilinadi. Tashabbusni o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar yuzasidan Tashkilotchining qarorlari yakuniy hisoblanadi va qayta ko‘rib chiqilmaydi. Mazkur Qoidalarda qo‘llaniladigan atamalar faqat ushbu Tashabbus doirasida qo‘llaniladi.
4.5. Foydalanuvchilarni Qoidalar to‘g‘risida xabardor qilish Qoidalarni Veb-saytda joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha axborot turli usullar orqali tarqatilishi mumkin, jumladan: Qoidalarni radio orqali e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish, bosma reklama materiallarida chop etish, tashqi reklama vositalarida e’lon qilish, Onlayn-servis Foydalanuvchilariga email-xabarnomalar yuborish, “Uklon” Mobil ilovasida Push- va TCP-xabarnomalar yuborish, Viber yoki SMS-xabarnomalar jo‘natish hamda boshqa internet-media vositalari orqali axborot berish.
4.6. Mazkur Qoidalar Tashabbus o‘tkazish muddati yakunlangunga qadar amal qiladi.
Ushbu tahrir 19.02.2026 yildan boshlab kuchga kiradi.