close
← Back to stocks

“CHARXPALAK” AKSIYASINI O‘TKAZISH QOIDALARI

Ushbu rasmiy qoidalar (bundan keyin “Qoidalar” deb yuritiladi) “Charxpalak” aksiyasini (bundan keyin “Aksiya” deb yuritiladi) o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi. Aksiyada ishtirok etish bepul. Aksiya qimor o‘yini, lotereya, qimor biznesi sohasidagi xizmat hisoblanmaydi, undan qimor o‘yinlarining har qanday shaklida foydalanish mumkin emas. Aksiyada ishtirok etish ishtirokchining Qoidalarning barcha shartlarini va ularga kiritilgan har qanday o‘zgartirishlarni to‘liq va so‘zsiz qabul qilishini anglatadi.

1. USHBU QOIDALARDA QO‘LLANILGAN ATAMALAR VA ULARNING TA’RIFLARI

1.1 Aksiya – Tashkilotchi tomonidan “Uklon Driver” sodiqlik dasturi doirasida o‘tkaziladigan “Charxpalak” aksiyasi bo‘lib, u “Uklon” onlayn xizmatiga yangi Foydalanuvchilarni jalb qilish va ularning qiziqishini uyg‘otish, shuningdek, Onlayn xizmat foydalanuvchilarining faolligi va sodiqligini yanada rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Aksiyaning maqsadi Tashkilotchi tomonidan taqdim etilayotgan Onlayn xizmatni, shuningdek, UKLON savdo belgisini targ‘ib qilish va reklama qilishdan iborat. Ushbu Aksiya “Uklon Driver” sodiqlik dasturi doirasida Tashkilotchi tomonidan amalga oshiriladigan bonus dasturlaridan biri hisoblanadi.

1.2.Hisob qaydnomasi balansi va/yoki Balans – Onlayn-servisdagi Ishtirokchining Hisob qaydnomasida aks ettiriladigan axborot ko‘rsatkichi bo‘lib, mazkur Qoidalar doirasida Mukofotni hisoblash, qayd etish va taqdim etishni aks ettirish maqsadida Tashkilotchi tomonidan qo‘llaniladi. Balans Onlayn-servisdagi Ishtirokchining harakatlariga muvofiq real vaqt rejimida yangilanadi, texnik xususiyatga ega bo‘lib, hisob-kitob yoki bank hisobvarag‘i maqomiga ega emas.

1.3. Veb-saytwww.uz.uklon.eu manzilidagi internet sahifasi.

1.4. Mukofot – Tashkilotchi tomonidan Hamkorga Aksiyada ishtirok etish natijalari bo‘yicha taqdim etiladigan bonus bo‘lib, “Uklon Driver” mobil ilovasida cheklangan miqdordagi sayohatlar uchun undiriladigan Tashkilotchining mukofot miqdoriga nisbatan qo‘llaniladi. Tashkilotchining kamaytirilgan mukofot miqdori ko‘rinishidagi bonus miqdori ushbu Qoidalarga muvofiq belgilanadi va Hamkorning Aksiyada ishtirok etish natijalariga hamda ushbu Qoidalarda nazarda tutilgan shartlarning qo‘llanilishiga bog‘liq bo‘ladi.

1.5.Tashkilotchining mukofoti – Xizmatdan foydalanish imkoniyatini taqdim etganlik uchun Hamkorning Tashkilotchi foydasiga to‘laydigan to‘lovi, shu jumladan topshiriqni bajarganlik uchun Tashkilotchining agentlik (vositachilik) mukofoti.

1.6. Buyurtma – Foydalanuvchining yengil transport vositasida yo‘lovchi tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish, shuningdek vaqti-vaqti bilan “Uklon” Veb-sayti hamda “Uklon” va “Uklon Driver” Mobil ilovalari orqali mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni Hamkor tomonidan ko‘rsatish bo‘yicha, zarur rekvizitlar bilan rasmiylashtirilgan so‘rovi.

1.7. Kompaniya va/yoki Tashkilotchi – “UKLON UB” Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona, STIR 310448243, manzil: 100047, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Pahlavon Mahmud ko‘chasi, 26-uy.

1.8. “Uklon Driver” Mobil ilovasi va/yoki Mobil ilova – iOS va Android elektron qurilmalari uchun “Uklon Driver” nomli mobil ilova ko‘rinishidagi EHM dasturining nusxasi bo‘lib, Foydalanuvchilarga Onlayn-servisdan foydalanish vositasi sifatida taqdim etiladi.

1.9. “Uklon” Onlayn-servisi va/yoki Onlayn-servis – Mobil ilovadan hamda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan EHM dasturlari va raqamlar, harflar, belgilar, tasvirlar hamda ularning kombinatsiyalari (shu jumladan grafik axborot, videoaxborot va boshqalar) ko‘rinishidagi elektron ma’lumotlar majmuasidan iborat texnologik platforma bo‘lib, unda Foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan Buyurtmalar hamda Hamkorlar tomonidan joylashtirilgan Xizmat takliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish, yig‘ish, qayta ishlash, tarqatish, saqlash va taqdim etish uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, talab va taklif nisbati, ob-havo sharoiti, yo‘nalish, yuklama darajasi hamda boshqa omillarni inobatga olgan holda Buyurtma qiymatini avtomatik hisoblaydi, avtomatik ravishda marshrutlarni tuzadi va Foydalanuvchi bilan Hamkor o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi. Onlayn-servis Foydalanuvchiga uning mezonlariga muvofiq avtomatik shakllantirilgan Hamkorlar takliflarini izlash va ular bilan tanishish, tegishli Buyurtmalarni joylashtirish, tasdiqlash yoki rad etish, o‘z joylashuv ma’lumotlarini e’lon qilish, tavsiya etilgan Xizmat narxini o‘zgartirish, Onlayn-servis va Hamkorlarga baho berish hamda ular bilan o‘zaro hamkorlik qilish, dastur tomonidan tuzilgan marshrutlardan real vaqt rejimida foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, Onlayn-servis “Uklon” Mobil ilovasi doirasida grafik, matnli, video va boshqa turdagi reklama materiallarini joylashtirish va namoyish etish imkoniyatini ta’minlaydi. Bunday materiallar Foydalanuvchining xulq-atvor xususiyatlari va/yoki uning Onlayn-servis bilan o‘zaro aloqasi xususiyatlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishi mumkin. Onlayn-servis kompyuter dasturlash natijasi bo‘lib, dasturiy mahsulot hisoblanadi.

1.10. Hamkor va/yoki Aksiya Ishtirokchisi – o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs bo‘lib, Yo‘lovchiga yengil transport vositalarida yo‘lovchi tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadigan va/yoki taklif etadigan, shuningdek vaqti-vaqti bilan “Uklon” Veb-sayti hamda “Uklon” va “Uklon Driver” Mobil ilovalari orqali mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatadigan shaxs.

1.11. Yo‘lovchi – Onlayn-servisda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 18 (o‘n sakkiz) yoshga to‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs.

1.12. Aksiyani o‘tkazish muddati va/yoki Aksiyani o‘tkazish davri – Aksiya o‘tkaziladigan muddat (vaqt oralig‘i), ya’ni Ishtirokchilar Aksiya shartlarini bajarishlari mumkin bo‘lgan davr bo‘lib, Toshkent vaqti bilan (GMT+5) 2026-yil 1-iyun soat 00:00 dan 2026-yil 1-iyul soat 23:59 gacha (shu kuni ham) davom etadi.

1.13. Aksiyani o‘tkazish hududi – Aksiya shartlari amal qiladigan hudud. Aksiya Onlayn-servis Foydalanuvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri hududida o‘tkaziladi.

2. AKSIYADA ISHTIROK ETISH SHARTLARI

2.1.1. Mazkur Qoidalar talablariga hamda O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi normalariga rioya qilish.

2.1.2. Ushbu Qoidalarga muvofiq talab etiladigan to‘liq, to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarni ko‘rsatish.

2.1.3. Boshqa Aksiya Ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirmaslik hamda ularning ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarni sodir etmaslik.

2.1.4. Mazkur Ishtirokchining Aksiyadagi ishtiroki qonuniyligiga shubha tug‘diruvchi harakatlarni sodir etmaslik.

2.2. Aksiyada ishtirok etish uchun Foydalanuvchi quyidagilarni bajarishi lozim:

А. Aksiyani o‘tkazish davridan oldin yoki ushbu davr mobaynida “Uklon Driver” Mobil ilovasida foydalanuvchi sifatida ro‘yxatdan o‘tishi hamda Onlayn-servisda Hamkor maqomiga ega bo‘lishi.

B. “Uklon Driver” mobil ilovasi bosh sahifasining pastki o‘ng burchagidagi “Charxpalak” elementiga o‘ting va o‘zaro ta’sir orqali aksiyada ishtirok etishni faollashtiring – aylanishni ishga tushiring.

2.3. Hamkorning Aksiyada ishtirok etishi o‘z-o‘zidan Mukofot olish huquqini keltirib chiqarmaydi. Mukofot ushbu Aksiyada nazarda tutilgan tartibda va shartlarda bajarilgan buyurtmalar summasiga nisbatan hisoblanadi. Ushbu Aksiya doirasida bajarilgan buyurtmalar bo‘lmaganda, Hamkorning Mukofot olish huquqi yuzaga kelmaydi.

2.4. Ishtirok etish faollashtirilgandan so‘ng, Hamkor Aksiya davomida “Charxpalak”ni qayta aylantirish huquqini olish uchun “Uklon” onlayn xizmati orqali ketma-ket kamida 5 (besh) ta buyurtmani bajarishi kerak. Aksiya doirasida faqat Hamkor tomonidan “Uklon Driver” mobil ilovasida qabul qilingan yakunlangan buyurtmalar hisobga olinadi. Shu bilan birga, Aksiyada ishtirok etishni faollashtirish Hamkor uchun buyurtmalarni bajarish majburiyatini keltirib chiqarmaydi, biroq bajarilgan buyurtmalarning yo‘qligi Hamkorning ushbu Aksiya shartlarida nazarda tutilgan Mukofotlarni olish imkoniyatini istisno etadi.

2.5. Mazkur Qoidalarga muvofiq nazarda tutilgan Aksiyada ishtirok etish shartlaridan birortasining bajarilmasligi tegishli Ishtirokchini Mukofot olish imkoniyatidan mahrum etadi. Aksiyada ishtirok etishning barcha shartlariga qat’iy rioya etish Ishtirokchi tomonidan Mukofot olishning zarur sharti hisoblanadi. Ishtirokchi Mukofotni olishdan yoki undan foydalanishdan voz kechish huquqiga ega.

2.6. Tashkilotchi Qoidalarning yangilangan tahririni Veb-saytda joylashtirish (e’lon qilish) orqali Aksiya shartlarini, hududini va o‘tkazish muddatlarini o‘zgartirish huquqiga ega. Mazkur o‘zgartirishlar, agar Qoidalarning o‘zida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Veb-saytda e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.

3. MUKOFOTLASH TARTIBI

3.1. “Charxpalak”ni faollashtirish natijalariga ko‘ra, Hamkorga “Uklon Driver” onlayn xizmati doirasida qo‘llaniladigan Tashkilotchining mukofot miqdorini kamaytirish uchun bonus ko‘rinishidagi Mukofotni olish imkoniyati beriladi. Tashkilotchining mukofot miqdorini kamaytirish uchun bonus “Uklon Driver” onlayn xizmati funksiyasi doirasida avtomatik ravishda qo‘llaniladi va Hamkorning qo‘shimcha harakatlarini talab qilmaydi. Mukofotni amalda qo‘llash ushbu Aksiya shartlariga muvofiq Hamkor tomonidan bajarilgan buyurtmalarga nisbatan amalga oshiriladi.

3.2. Mukofot miqdori ushbu Qoidalarning 3.5-bandiga muvofiq belgilanadi.

3.3. Mukofot faqat Aksiya doirasida amal qiladi, pul mablag‘lariga almashtirilmaydi, kompensatsiya qilinmaydi va Aksiya shartlarida nazarda tutilmagan boshqa buyurtmalarga o‘tkazilmaydi.

3.4. Mukofot qo‘llanilgan 5 (besh) ta buyurtmani bajargandan so‘ng, Hamkorga ushbu Qoidalarda belgilangan shartlar asosida Aksiya muddati davomida ko‘pi bilan 5 (besh) marta “Charxpalak”ni qayta aylantirish imkoniyati beriladi.

3.5. Aksiya shartlarini bajarganlik uchun Foydalanuvchilar quyidagi Mukofotni oladilar:

3.5.1. Aksiya doirasida Hamkorga taqdim etiladigan Tashkilotchining kamaytirilgan mukofot miqdori ko‘rinishidagi bonus Tashkilotchi tomonidan belgilanadi va quyidagi qiymatlardan birini tashkil etishi mumkin:

Aylanish ketma-ketligiBuyurtmalar soniTashkilotchining kamaytirilgan mukofot miqdori
Birinchi aylanish5 ta buyurtma11%
Ikkinchi aylanish5 ta buyurtma17%
Uchinchi aylanish5 ta buyurtma13%
To‘rtinchi aylanish5 ta buyurtma19%
Beshinchi aylanish5 ta buyurtma16%

4. UMUMIY SHARTLAR

4.1. Tashkilotchi aloqa operatorlari xizmatlari, internet-provayderlar xizmatlari sifati, shu jumladan, biroq ular bilan cheklanmagan holda, Aksiya o‘tkazilishi davrida aloqa kanallaridan foydalanishda ma’lumot uzatish bilan bog‘liq texnik nosozliklar, aloqa operatorlari faoliyati, aloqa operatorlari va/yoki internet-provayderlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan har qanday xatolar uchun javobgar emas, buning natijasida Aksiya Ishtirokchisi Mukofot olish huquqi haqida xabardor qilinmagan yoki kechiktirib xabardor qilingan bo‘lsa ham.

4.2. Tashkilotchi Mukofot olish huquqiga oid har qanday nizolar bo‘yicha javobgar emas. Har qanday holatda bunday nizolar yuzasidan yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi.

4.3. Agar Aksiya Ishtirokchisi Mukofotni olish imkoniyatidan foydalanmagan bo‘lsa yoki Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Mukofotdan foydalana olmasa, Tashkilotchi javobgar bo‘lmaydi.

4.4. Tashkilotchi fors-major holatlar (yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari), jumladan tabiiy ofatlar, yong‘in, suv toshqini, har qanday ko‘rinishdagi harbiy harakatlar, blokadalar, Aksiya o‘tkaziladigan hududda amal qiluvchi qonunchilikdagi muhim o‘zgarishlar hamda Tashkilotchi nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qoidalarning buzilishi, Mukofot taqdim etilmasligi yoki taqdim etilgan Mukofotdan foydalanish imkonsizligi uchun javobgar emas.

4.5. Mukofotni olish faqat Mukofot olish huquqiga ega bo‘lgan Aksiya Ishtirokchilariga ruxsat etiladi. Mukofot yoki uni olish huquqi bitim predmeti, to‘lov vositasi yoki garov predmeti bo‘ladigan har qanday harakatlar, operatsiyalar, bitimlar va kelishuvlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mukofotni almashtirish, shu jumladan pul ekvivalenti yoki boshqa ne’mat bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

4.6. Ishtirokchi tomonidan Aksiyada ishtirok etish maqsadida internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish xarajatlari Ishtirokchi tomonidan mustaqil ravishda o‘z hisobidan to‘lanadi hamda tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayder tarif rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.

4.7. Tashkilotchi, shuningdek u jalb qilgan uchinchi shaxslar internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa faoliyatidagi texnik nosozliklar, shuningdek Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa texnik uzilishlar uchun javobgar emas.

4.8. Tashkilotchi Aksiyani to‘liq yoki qisman o‘tkazish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilish huquqiga ega.

4.9. Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi. Mazkur Qoidalarni turlicha talqin qilish mumkin bo‘lgan hollarda, shuningdek Qoidalar bilan tartibga solinmagan nizoli masalalar yuzaga kelganda, yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi. Tashkilotchining Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha qarorlari yakuniy hisoblanadi. Mazkur Qoidalardagi atamalar faqat ushbu Aksiyaga nisbatan qo‘llaniladi.

4.10. Instagram va Telegram ushbu Aksiya bo‘yicha javobgar emas. Aksiya Instagram va Telegram tomonidan homiylik qilinmaydi, tavsiya etilmaydi va boshqarilmaydi.

4.11. Ishtirokchilarni Qoidalar haqida xabardor qilish Qoidalarni Veb-saytda joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha axborot turli usullar bilan reklama materiallarini joylashtirish orqali yetkazilishi mumkin: radio orqali e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish, bosma reklama materiallarida, tashqi reklama vositalarida, Onlayn-servis Foydalanuvchilariga email-xabar yuborish, Mobil ilovada Push- va TCP-xabarlar, Viber yoki SMS-xabarlar hamda boshqa internet-media vositalari orqali.

4.12. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi hamda Aksiya Qoidalarida nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.

4.13. Mazkur Qoidalarga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar Tashkilotchi tomonidan tasdiqlangan va Tashkilotchi saytida e’lon qilingan taqdirda kiritilishi mumkin.

4.14. Mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan barcha masalalarda Tashkilotchi hamda Aksiya Ishtirokchilari/G‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.

4.15. Tomonlarning javobgarlik choralari, shuningdek nizolarni hal etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq belgilanadi.

4.16. Mazkur Qoidalar Aksiyani o‘tkazish muddati tugaguniga qadar hamda Mukofotlar topshirilgunga qadar amal qiladi.

Ushbu tahrir 2026 yil 01 iyundan boshlab kuchga kiradi.