“DRIVER DAY BONUS” AKSIYASINI O‘TKAZISH QOIDALARI
Ushbu rasmiy qoidalar (keyingi o‘rinlarda – «Qoidalar») “Driver Day Bonus” Aksiyasini (keyingi o‘rinlarda – «Aksiya») o‘tkazish tartibi va shartlarini belgilaydi. Aksiyada ishtirok etish bepul. Aksiya qimor o‘yini, lotereya yoki qimor biznesi sohasidagi xizmat hisoblanmaydi va undan hech qanday shaklda qimor o‘yinlari sifatida foydalanish mumkin emas. Aksiyada ishtirok etish Ishtirokchi tomonidan Qoidalarning barcha shartlari va ularga kiritiladigan har qanday o‘zgartirishlar to‘liq va so‘zsiz qabul qilinganligini anglatadi.
1. BU QOIDALARDA ISHLATILGAN ATAMALAR VA ULARNING TUSHUNCHALARI
1.1. Aksiya – Tashkilotchi tomonidan Driver Day hamda “Uklon Driver” Sodiqlik dasturi doirasida o‘tkaziladigan “Driver Day Bonus” aksiyasi bo‘lib, Onlayn-servis Hamkorlarining faolligi va sodiqligini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Aksiyaning maqsadi Tashkilotchi tomonidan taqdim etilayotgan Onlayn-servisni, shuningdek UKLON tovar belgisini (TM) targ‘ib qilish va reklama qilishdan iborat.
1.2. Hisob qaydnomasi balansi va/yoki Balans – Onlayn-servisdagi Ishtirokchining Hisob qaydnomasida aks ettiriladigan axborot ko‘rsatkichi bo‘lib, mazkur Qoidalar doirasida Mukofotni hisoblash, qayd etish va taqdim etishni aks ettirish maqsadida Tashkilotchi tomonidan qo‘llaniladi. Balans Onlayn-servisdagi Ishtirokchining harakatlariga muvofiq real vaqt rejimida yangilanadi, texnik xususiyatga ega bo‘lib, hisob-kitob yoki bank hisobvarag‘i maqomiga ega emas.
1.3. Veb-sayt – www.uz.uklon.eu manzilidagi internet sahifasi.
1.4. Mukofot – Sprint kuni yakunlariga ko‘ra Tashkilotchi tomonidan G‘olibga taqdim etiladigan pul bonusi bo‘lib, uning miqdori mazkur Qoidalarning 3.3-bandiga muvofiq G‘olib tomonidan Sprint kunida bajarilgan Buyurtmalar soniga qarab belgilanadi.
1.5. Buyurtma – Foydalanuvchining yengil transport vositasida yo‘lovchi tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish, shuningdek vaqti-vaqti bilan “Uklon” Veb-sayti hamda “Uklon” va “Uklon Driver” Mobil ilovalari orqali mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni Hamkor tomonidan ko‘rsatish bo‘yicha, zarur rekvizitlar bilan rasmiylashtirilgan so‘rovi.
1.6. Kalendar kuni – bitta kalendar sanasining Toshkent vaqti bilan (GMT+5) soat 00:00:00 dan 23:59:59 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘i.
1.7. Kompaniya / Tashkilotchi – “UKLON UB” Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona, STIR 310448243, manzil: 100060, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasi, 21-uy.
1.8. “Uklon Driver” Mobil ilovasi va/yoki Mobil ilova – iOS va Android elektron qurilmalari uchun “Uklon Driver” nomli mobil ilova ko‘rinishidagi EHM dasturining nusxasi bo‘lib, Foydalanuvchilarga Onlayn-servisdan foydalanish vositasi sifatida taqdim etiladi.
1.9. “Uklon” Onlayn-servisi va/yoki Onlayn-servis – Mobil ilovadan hamda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan EHM dasturlari va raqamlar, harflar, belgilar, tasvirlar hamda ularning kombinatsiyalari (shu jumladan grafik axborot, videoaxborot va boshqalar) ko‘rinishidagi elektron ma’lumotlar majmuasidan iborat texnologik platforma bo‘lib, unda Foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan Buyurtmalar hamda Hamkorlar tomonidan joylashtirilgan Xizmat takliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish, yig‘ish, qayta ishlash, tarqatish, saqlash va taqdim etish uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, talab va taklif nisbati, ob-havo sharoiti, yo‘nalish, yuklama darajasi hamda boshqa omillarni inobatga olgan holda Buyurtma qiymatini avtomatik hisoblaydi, avtomatik ravishda marshrutlarni tuzadi va Foydalanuvchi bilan Hamkor o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi. Onlayn-servis Foydalanuvchiga uning mezonlariga muvofiq avtomatik shakllantirilgan Hamkorlar takliflarini izlash va ular bilan tanishish, tegishli Buyurtmalarni joylashtirish, tasdiqlash yoki rad etish, o‘z joylashuv ma’lumotlarini e’lon qilish, tavsiya etilgan Xizmat narxini o‘zgartirish, Onlayn-servis va Hamkorlarga baho berish hamda ular bilan o‘zaro hamkorlik qilish, dastur tomonidan tuzilgan marshrutlardan real vaqt rejimida foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, Onlayn-servis “Uklon” Mobil ilovasi doirasida grafik, matnli, video va boshqa turdagi reklama materiallarini joylashtirish va namoyish etish imkoniyatini ta’minlaydi. Bunday materiallar Foydalanuvchining xulq-atvor xususiyatlari va/yoki uning Onlayn-servis bilan o‘zaro aloqasi xususiyatlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishi mumkin. Onlayn-servis kompyuter dasturlash natijasi bo‘lib, dasturiy mahsulot hisoblanadi.
1.10. Hamkor – o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs bo‘lib, Yo‘lovchiga yengil transport vositalarida yo‘lovchi tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadigan va/yoki taklif etadigan, shuningdek vaqti-vaqti bilan “Uklon” Veb-sayti hamda “Uklon” va “Uklon Driver” Mobil ilovalari orqali mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatadigan shaxs.
1.11. Yo‘lovchi – Mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 18 (o‘n sakkiz) yoshga to‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs.
1.12. G‘olib – mazkur Qoidalarning 3.1-bandida nazarda tutilgan tartibda tegishli Kalendar kuni uchun G‘oliblarni aniqlash yakunlariga ko‘ra Randomayzer tomonidan aniqlangan Ishtirokchi.
1.13. Randomayzer – Onlayn-servisning dasturiy algoritmi (tasodifiy sonlar generatori) bo‘lib, u inson ishtirokisiz, avtomatik ravishda Shanslarga ega bo‘lgan Ishtirokchilar orasidan G‘oliblarni aniqlaydi.
1.14. Sprint – bonus dasturi bo‘lib, undan foydalanish imkoniyati G‘olibga u Imkoniyat(lar) olgan Kalendar kunidan keyingi Kalendar kuni uchun beriladi (keyingi o‘rinlarda – «Sprint kuni»). Sprint doirasidagi Mukofot miqdori mazkur Qoidalarning 3.3-bandiga muvofiq G‘olib tomonidan Sprint kunida erishilgan bajarilgan Buyurtmalarning eng yuqori chegarasiga (5, 10 yoki 15 ta Buyurtma) bog‘liq bo‘ladi.
1.15. Aksiyani o‘tkazish muddati va/yoki Aksiyani o‘tkazish davri – Aksiya o‘tkaziladigan muddat (vaqt oralig‘i), ya’ni Ishtirokchilar Aksiya shartlarini bajarishlari mumkin bo‘lgan davr bo‘lib, Toshkent vaqti bilan (GMT+5) 2026-yil 23-oktabr soat 00:00 dan 2026-yil 29-oktabr soat 23:59 gacha (shu kunni ham qo‘shgan holda) davom etadi.
1.16. Aksiyani o‘tkazish hududi – Aksiya shartlari amal qiladigan hudud. Aksiya Onlayn-servis Hamkorlari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri hududida o‘tkaziladi.
1.17. Aksiya Ishtirokchisi (Ishtirokchilari) – Aksiyada ishtirok etish paytida kamida 18 (o‘n sakkiz) yoshga to‘lgan, Hamkor hisoblangan hamda Aksiyada ishtirok etish uchun zarur shartlarni bajargan muomala layoqatiga ega jismoniy shaxs (O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs). Tashkilotchining xodimlari va ularning qarindoshlari (birinchi va ikkinchi darajali qarindoshlar) Ishtirokchi deb tan olinmaydi va Ishtirokchi bo‘la olmaydi. Tashkilotchi biror Ishtirokchi tomonidan ushbu Qoidalarning vijdonan bajarilishiga nisbatan shubha tug‘ilgan yoki ularning qasddan buzilganligi fakti aniqlangan taqdirda, bunday Ishtirokchini Aksiyadan chetlatish huquqiga ega.
1.18. Mukofotlar jamg‘armasi – mazkur Qoidalarning 3-bo‘limiga muvofiq G‘oliblarga taqdim etiladigan Mukofotlar majmui.
1.19. Imkoniyat – Ishtirokchining tegishli Kalendar kuni uchun Randomayzer G‘oliblarni aniqlaydigan Ishtirokchilar qatoriga kiritilish huquqi bo‘lib, mazkur Qoidalarning 2.2-bandi «G» kichik bandiga muvofiq beriladi.
2. AKSIYADA ISHTIROK ETISH SHARTLARI
2.1. Qoidalarning 1.17-bandi talablariga javob beradigan hamda quyidagi majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan shaxs Aksiya Ishtirokchisi hisoblanadi:
2.1.1. Mazkur Qoidalar talablariga hamda O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi normalariga rioya qilish.
2.1.2. Ushbu Qoidalarga muvofiq talab etiladigan to‘liq, to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarni ko‘rsatish.
2.1.3. Boshqa Aksiya Ishtirokchilariga ataylab noqulaylik tug‘dirmaslik hamda ularga to‘sqinlik qilmaslik.
2.1.4. Mazkur Ishtirokchining Aksiyadagi ishtiroki qonuniyligiga shubha tug‘diruvchi harakatlarni sodir etmaslik.
2.2. Aksiyada ishtirok etish uchun Ishtirokchi Aksiyani o‘tkazish muddati davomida quyidagilarni bajarishi lozim:
A. “Uklon Driver” Mobil ilovasining ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchisi va Onlayn-servisda Hamkor bo‘lishi;
B. “Uklon Driver” Mobil ilovasining asosiy menyusini ochib, «Yulduzcha» belgisini bosishi hamda Aksiya sahifasiga o‘tgandan so‘ng «Ishtirok etish» tugmasini bosishi. «Ishtirok etish» tugmasini bosish Aksiyada ishtirok etishning majburiy sharti hisoblanadi va Aksiyani o‘tkazish muddati davomida bir marta amalga oshiriladi;
V. bitta Kalendar kuni davomida kamida 7 (yetti) ta yakunlangan Buyurtmani bajarishi. Ishtirokchi “Uklon Driver” Mobil ilovasida qabul qilgan, Buyurtmada ko‘rsatilgan manzilgacha bajargan hamda Foydalanuvchidan to‘lovni olgan holda belgilangan tartibda yakunlagan Buyurtma yakunlangan Buyurtma hisoblanadi.
G. bitta Kalendar kuni davomida bajarilgan har 7 (yetti) ta yakunlangan Buyurtma uchun Ishtirokchiga 1 (bitta) Imkoniyat beriladi. Ishtirokchi bitta Kalendar kunida olishi mumkin bo‘lgan Imkoniyatlar soni cheklanmagan. Imkoniyatlar faqat ular olingan Kalendar kuni uchun G‘oliblarni aniqlashda amal qiladi va keyingi Kalendar kunlariga o‘tkazilmaydi.
2.3. Mazkur Qoidalarning barcha shartlariga qat’iy rioya etish Ishtirokchi tomonidan Mukofot olishning zarur sharti hisoblanadi. Qoidalarda nazarda tutilgan har qanday shartning bajarilmasligi tegishli Ishtirokchini Mukofot olish imkoniyatidan mahrum etadi. Ishtirokchi Mukofotni olishdan yoki undan foydalanishdan voz kechish huquqiga ega.
2.4. Tashkilotchi Qoidalarning yangilangan tahririni Veb-saytda joylashtirish (e’lon qilish) orqali Aksiya shartlarini, hududini va o‘tkazish muddatlarini o‘zgartirish huquqiga ega. Mazkur o‘zgartirishlar, agar Qoidalarning o‘zida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Veb-saytda e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
3. MUKOFOT VA AKSIYA G‘OLIBLARINI ANIQLASH
3.1. Har kuni Aksiya davomida tizim Randomayzer asosida bir yoki undan ortiq Imkoniyat to’plagan barcha ishtirokchilar orasidan G’oliblarni tanlaydi. Har bir G’olib Sprint tamoyiliga asoslangan standart bonus dasturini oladi. Bonus dasturi tegishli kunlik aksiya tugagandan keyingi kunda G’olib uchun mavjud bo’ladi, agar ishtirokchi tizim tomonidan G’olib sifatida tanlangan bo’lsa.
3.2. G‘olib o‘zining G‘olib deb topilganligi to‘g‘risida “Uklon Driver” Mobil ilovasida xabardor qilinadi. G‘olibga “Uklon Driver” Sodiqlik dasturi doirasida Sprint kuni uchun Sprintdan foydalanish imkoniyati beriladi.
3.3. Mukofot miqdori Sprint kuni yakunlariga ko‘ra, G‘olib tomonidan Sprint kunida Qoidalarning 2.2-bandi «V» kichik bandiga muvofiq yakunlangan Buyurtmalarning umumiy soni asosida, faqat erishilgan eng yuqori chegara bo‘yicha bir marta belgilanadi va quyidagini tashkil etadi:
- 25 000 so‘m — 5 tadan 9 tagacha Buyurtma bajarilganda;
- 50 000 so‘m — 10 tadan 14 tagacha Buyurtma bajarilganda;
- 75 000 so‘m — 15 ta va undan ortiq Buyurtma bajarilganda.
Quyiroq chegaralar uchun nazarda tutilgan Mukofotlar hisoblanmaydi va jamlanmaydi. Agar G‘olib Sprint kunida 5 (besh) tadan kam Buyurtma bajargan bo‘lsa, Mukofot hisoblanmaydi.
3.4. Bitta Ishtirokchi Aksiyani o‘tkazish muddati davomida G‘olib deb ko‘pi bilan bir marta aniqlanishi mumkin.
3.5. Mukofot Tashkilotchi tomonidan G‘olibning Hisob qaydnomasi Balansiga tegishli Sprint kunidan so‘ng 15 (o‘n besh) kalendar kuni ichida hisoblanadi.
3.6. Aksiyaning Mukofotlar jamg‘armasi Tashkilo Randomayzer tchining mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi hamda faqat Aksiya G‘oliblariga Mukofot taqdim etish uchun foydalaniladi. To‘langan Mukofotlarning umumiy miqdori Mukofotlar jamg‘armasi miqdoridan oshishi mumkin emas.
3.7. Mukofot faqat G‘oliblarga, uni uchinchi shaxslarga o‘tkazish huquqisiz topshiriladi. Tashkilotchi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra talab qilib olinmagan yoki topshirilmagan Aksiya Mukofotlarini o‘z ixtiyoriga ko‘ra tasarruf etish huquqiga ega.
4. UMUMIY SHARTLAR
4.1. Tashkilotchi aloqa operatorlari va internet-provayderlar xizmatlarining sifati, shu jumladan, lekin ular bilan cheklanmagan holda, Aksiya o‘tkazilishi davrida aloqa kanallaridan foydalanishda ma’lumot uzatish bilan bog‘liq texnik muammolar, aloqa operatorlarining ishi, aloqa operatorlari va/yoki internet-provayderlarning har qanday xatolari uchun, ularning natijasida Aksiya Ishtirokchisi Mukofot olish huquqi to‘g‘risida xabardor qilinmagan yoki o‘z vaqtida xabardor qilinmagan bo‘lsa ham, javobgar emas.
4.2. Tashkilotchi Mukofot olish huquqiga oid har qanday nizolar bo‘yicha javobgar emas. Har qanday holatda bunday nizolar yuzasidan yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi va bunday qaror ustidan shikoyat qilinmaydi.
4.3. Agar Aksiya Ishtirokchisi Mukofotni olish imkoniyatidan foydalanmagan bo‘lsa yoki Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Mukofotdan foydalana olmasa, Tashkilotchi javobgar bo‘lmaydi.
4.4. Tashkilotchi fors-major holatlar (yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari), jumladan tabiiy ofatlar, yong‘in, suv toshqini, har qanday ko‘rinishdagi harbiy harakatlar, blokadalar, Aksiyani o‘tkazish hududida amal qiluvchi qonunchilikdagi muhim o‘zgarishlar hamda Tashkilotchi nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qoidalarning buzilishi, Mukofot taqdim etilmasligi va/yoki taqdim etilgan Mukofotdan foydalanish imkonsizligi uchun javobgar emas.
4.5. Mukofotni olish faqat Mukofot olish huquqiga ega bo‘lgan Aksiya Ishtirokchilariga ruxsat etiladi. Mukofot olinguniga qadar Mukofot yoki uni olish huquqi bitim predmeti, to‘lov vositasi yoki garov predmeti bo‘ladigan har qanday harakatlar, operatsiyalar, bitimlar va kelishuvlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mukofotni almashtirish, shu jumladan pul ekvivalenti yoki boshqa ne’mat bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.6. Ishtirokchi tomonidan Aksiyada ishtirok etish maqsadida internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqadan foydalanish qiymati Ishtirokchi tomonidan mustaqil ravishda o‘z hisobidan to‘lanadi hamda tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayderning tarif rejasi bo‘yicha xizmatning standart qiymatiga muvofiq bo‘ladi.
4.7. Tashkilotchi, shuningdek u jalb qilgan uchinchi shaxslar internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa ishidagi har qanday texnik nosozliklar, shuningdek Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan holatlar sababli yuzaga kelgan boshqa texnik nosozliklar uchun javobgar emas.
4.8. Tashkilotchi Aksiyani to‘liq yoki qisman o‘tkazish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilish huquqiga ega.
4.9. Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi. Mazkur Qoidalarni turlicha talqin qilish mumkin bo‘lgan hollarda, shuningdek Qoidalar bilan tartibga solinmagan nizoli masalalar yuzaga kelganda, yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi. Tashkilotchining Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha qarorlari yakuniy hisoblanadi va qayta ko‘rib chiqilmaydi. Mazkur Qoidalardagi atamalar faqat ushbu Aksiyaga nisbatan qo‘llaniladi.
4.10. Ishtirokchilarni Qoidalar haqida xabardor qilish Qoidalarni Aksiya Veb-saytida joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha axborot reklama materiallarini turli usullarda joylashtirish orqali yetkazilishi mumkin: Qoidalarni radio orqali e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda, bosma reklama materiallarida, tashqi reklama vositalarida joylashtirish, Onlayn-servis Foydalanuvchilariga email-xabarlar yuborish, Mobil ilovada Push- va TCP-xabarlar, Viber yoki SMS-xabarlar hamda boshqa internet-media vositalari orqali.
4.11. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi bilan belgilanadi hamda Aksiya Qoidalarida nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq aniqlanadi.
4.12. Mazkur Qoidalarga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar Tashkilotchi tomonidan tasdiqlangan va Tashkilotchi saytida e’lon qilingan taqdirda kiritilishi mumkin.
4.13. Mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan barcha masalalarda Tashkilotchi hamda Aksiya Ishtirokchilari/G‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.
4.14. Tomonlarning javobgarlik choralari, shuningdek nizolarni hal etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq belgilanadi.
4.15. Mazkur Qoidalar Aksiyani o‘tkazish muddati tugaguniga qadar hamda barcha Mukofotlar hisoblanguniga qadar amal qiladi.
Ushbu tahrir 2026-yil 23-oktabrdan boshlab kuchga kiradi.