“UKLON BILAN OMADLI START” AKSIYASINI O’TKAZISH QOIDALARI
Ushbu rasmiy qoidalar (keyingi o’rinlarda – «Qoidalar») «UKLON BILAN OMADLI START» Aksiyasini (keyingi o’rinlarda – «Aksiya») o’tkazish tartibini va shartlarini belgilaydi. Aksiyaga ishtirok etish bepul. Aksiya qimor o’yini, lotereya yoki qimor biznesi sohasidagi xizmat hisoblanmaydi va u hech qanday shaklda qimor o’yinlari sifatida qabul qilinmaydi.. Aksiyada ishtirok etish, ishtirokchining barcha Qoidalarga va ularning har qanday o’zgarishlariga to’liq va so’zsiz qabul qilishini anglatadi.
1. BU QOIDALARDA ISHLATILGAN ATAMALAR VA ULARNING TUSHUNCHALARI
1.1. Aksiya – Tashkilotchi tomonidan “Uklon Driver” Sodiqlik dasturi doirasida o‘tkaziladigan “Uklon bilan Omadli start” aksiyasi bo‘lib, “Uklon” Onlayn-servisiga yangi Foydalanuvchilarni jalb etish, ularda qiziqish uyg‘otish, shuningdek amaldagi Foydalanuvchilarning faolligi va sodiqligini rag‘batlantirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Aksiyaning maqsadi Tashkilotchi tomonidan taqdim etilayotgan Onlayn-servisni, shuningdek UKLON tovar belgisini (TM) targ‘ib qilish va reklama qilishdan iborat.
1.2. Veb-sayt – www.uz.uklon.eu manzilidagi internet sahifasi.
1.3. Mukofot — ushbu Qoidalarning 3-bo‘limiga muvofiq belgilanadigan hamda Yutuqli o‘yin natijalariga ko‘ra Aksiya g‘olibiga Tashkilotchi tomonidan topshiriladigan sovrin.
1.4. Buyurtma — Foydalanuvchining Hamkor tomonidan yo‘lovchilarni yengil transport vositasida tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish, shuningdek, «Uklon» va «Uklon Driver» veb-sayti hamda mobil ilovalari orqali vaqti-vaqti bilan taqdim etilishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlardan foydalanish uchun rasmiylashtirilgan so‘rovi. Aksiya doirasida faqat Ishtirokchi tomonidan «Uklon Driver» mobil ilovasida qabul qilingan, Buyurtmada ko‘rsatilgan manzilgacha to‘liq bajarilgan va belgilangan tartibda yakunlangan Buyurtmalar hisobga olinadi.
1.5. Kompaniya va/yoki Tashkilotchi – “UKLON UB” Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi xorijiy korxona, STIR 310448243, manzil: 100047, O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Pahlavon Mahmud ko‘chasi, 26-uy.
1.6. Kupon — Ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tganida Driver Care xodimi tomonidan beriladigan, noyob raqamga ega buklet bo‘lib, Mukofotni olish uchun yagona asos hisoblanadi.
1.7. “Uklon Driver” Mobil ilovasi va/yoki Mobil ilova – iOS va Android elektron qurilmalari uchun “Uklon Driver” nomli mobil ilova ko‘rinishidagi EHM dasturining nusxasi bo‘lib, Foydalanuvchilarga Onlayn-servisdan foydalanish vositasi sifatida taqdim etiladi.
1.8. “Uklon” Onlayn-servisi va/yoki Onlayn-servis – Mobil ilovadan hamda o‘zaro bog‘liq bo‘lgan EHM dasturlari va raqamlar, harflar, belgilar, tasvirlar hamda ularning kombinatsiyalari (shu jumladan grafik axborot, videoaxborot va boshqalar) ko‘rinishidagi elektron ma’lumotlar majmuasidan iborat texnologik platforma bo‘lib, unda Foydalanuvchilar tomonidan joylashtirilgan Buyurtmalar hamda Hamkorlar tomonidan joylashtirilgan Xizmat takliflari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni avtomatlashtirilgan tarzda nazorat qilish, yig‘ish, qayta ishlash, tarqatish, saqlash va taqdim etish uchun mo‘ljallangan. Shuningdek, talab va taklif nisbati, ob-havo sharoiti, yo‘nalish, yuklama darajasi hamda boshqa omillarni inobatga olgan holda Buyurtma qiymatini avtomatik hisoblaydi, avtomatik ravishda marshrutlarni tuzadi va Foydalanuvchi bilan Hamkor o‘rtasida aloqa o‘rnatish uchun ma’lumot almashinuvini ta’minlaydi. Onlayn-servis Foydalanuvchiga uning mezonlariga muvofiq avtomatik shakllantirilgan Hamkorlar takliflarini izlash va ular bilan tanishish, tegishli Buyurtmalarni joylashtirish, tasdiqlash yoki rad etish, o‘z joylashuv ma’lumotlarini e’lon qilish, tavsiya etilgan Xizmat narxini o‘zgartirish, Onlayn-servis va Hamkorlarga baho berish hamda ular bilan o‘zaro hamkorlik qilish, dastur tomonidan tuzilgan marshrutlardan real vaqt rejimida foydalanish imkonini beradi. Bundan tashqari, Onlayn-servis “Uklon” Mobil ilovasi doirasida grafik, matnli, video va boshqa turdagi reklama materiallarini joylashtirish va namoyish etish imkoniyatini ta’minlaydi. Bunday materiallar Foydalanuvchining xulq-atvor xususiyatlari va/yoki uning Onlayn-servis bilan o‘zaro aloqasi xususiyatlarini hisobga olgan holda ko‘rsatilishi mumkin. Onlayn-servis kompyuter dasturlash natijasi bo‘lib, dasturiy mahsulot hisoblanadi.
1.9. Hamkor va/yoki Aksiya Ishtirokchisi – o‘zini o‘zi band qilgan jismoniy shaxs bo‘lib, Yo‘lovchiga yengil transport vositalarida yo‘lovchi tashish, Jo‘natmalarni yetkazib berish xizmatlarini ko‘rsatadigan va/yoki taklif etadigan, shuningdek vaqti-vaqti bilan “Uklon” Veb-sayti hamda “Uklon” va “Uklon Driver” Mobil ilovalari orqali mavjud bo‘lishi mumkin bo‘lgan boshqa xizmatlarni ko‘rsatadigan shaxs. Tashkilotchining xodimlari hamda ularning birinchi va ikkinchi darajadagi qarindoshlari Aksiya Ishtirokchisi hisoblanmaydi. Tashkilotchi ushbu Qoidalarga rioya etilmaganligi yoki Ishtirokchi tomonidan ular qasddan buzilganligi aniqlangan taqdirda, bunday Ishtirokchini Aksiyadan chetlashtirish huquqiga ega.
1.10. Yo‘lovchi – Onlayn-servisda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida 18 (o‘n sakkiz) yoshga to‘lgan, muomala layoqatiga ega bo‘lgan har qanday jismoniy shaxs.
1.11. Ro‘yxatdan o‘tish ofislari — Toshkent shahrida joylashgan hamda Ishtirokchilar ro‘yxatdan o‘tkazilib, Kuponlar beriladigan Uklon ro‘yxatdan o‘tish ofislari:
1. Bosh ofis — Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Pahlavon Mahmud ko‘chasi, 26;
2. Chilonzor ofisi — Toshkent shahri, Chilonzor tumani, G9A mavzesi, 1-uy;
3. Olmazor ofisi — Toshkent shahri, Olmazor tumani, Talabalar ko‘chasi, 60/3;
4. Sergeli ofisi — Toshkent shahri, Yangi Sergeli, 9/13.
1.12. Aksiyani o‘tkazish muddati va/yoki Aksiyani o‘tkazish davri – Aksiya o‘tkaziladigan muddat (vaqt oralig‘i), ya’ni Ishtirokchilar Aksiya shartlarini bajarishlari mumkin bo‘lgan davr bo‘lib, Toshkent vaqti bilan (GMT+5) 2026-yil 1-avgust soat 00:00 dan 2026-yil 31-avgust soat 23:59 gacha (shu kuni ham) davom etadi.
1.13. Aksiya shartlarini bajarish davri — Ishtirokchi Kuponni olgan vaqtdan boshlab 2026-yil 15-sentabr soat 23:59 ga qadar (Toshkent vaqti, GMT+5) belgilangan miqdordagi Buyurtmalarni bajarishi lozim bo‘lgan davr.
1.14. Aksiyani o‘tkazish hududi – Aksiya shartlari amal qiladigan hudud. Aksiya Onlayn-servis Foydalanuvchilari o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi, Toshkent shahri hududida o‘tkaziladi.
1.15. Mukofotlar jamg‘armasi – mazkur Qoidalarning 3-bo‘limida ko‘rsatilgan Mukofotlarning umumiy yig‘indisi..
2. AKSIYADA ISHTIROK ETISH SHARTLARI
2.1. Aksiya Ishtirokchisi quyidagilarga majburdir:
2.1.1. Mazkur Qoidalar talablariga hamda O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi normalariga rioya qilish.
2.1.2. Ushbu Qoidalarga muvofiq talab etiladigan to‘liq, to‘g‘ri va ishonchli ma’lumotlarni ko‘rsatish.
2.1.3. Boshqa Aksiya Ishtirokchilariga noqulaylik tug‘dirmaslik hamda ularning ishtirok etishiga to‘sqinlik qiluvchi harakatlarni sodir etmaslik.
2.1.4. Mazkur Ishtirokchining Aksiyadagi ishtiroki qonuniyligiga shubha tug‘diruvchi harakatlarni sodir etmaslik.
2.2. Aksiyada quyidagi toifadagi Hamkorlar ishtirok etishi mumkin:
a) Aksiya o‘tkaziladigan davrda faqat Driver Care menejerlari orqali to‘rtta Ro‘yxatdan o‘tish ofisidan birida ro‘yxatdan o‘tgan yangi Hamkorlar;
b) 2026-yilda Onlayn servisda ro‘yxatdan o‘tgan, biroq birorta ham Buyurtmani bajarmagan Hamkorlar. Aksiyada ishtirok etish uchun bunday Hamkorlar Aksiya o‘tkaziladigan davrda shaxsan to‘rtta Ro‘yxatdan o‘tish ofisidan istalgan biriga tashrif buyurib, noyob raqamga ega Kuponni olishlari lozim. Ushbu toifadagi Hamkorlar uchun ishtirok etish shartlari yangi Ishtirokchilar uchun belgilangan shartlar bilan bir xil hisoblanadi.
2.3. Aksiyada ishtirok etish uchun Ishtirokchi quyidagi shartlarning barchasini bajarishi lozim:
2.3.1. «a» toifasi uchun — Aksiya o‘tkaziladigan davrda to‘rtta Ro‘yxatdan o‘tish ofisidan birida ro‘yxatdan o‘tish, «b» toifasi uchun esa — mazkur ofislardan biriga shaxsan tashrif buyurish;
2.3.2. Driver Care menejerlari tomonidan noyob raqamga ega qog‘oz Kuponni olish;
2.3.3. Aksiya shartlarini bajarish davrida, ya’ni 2026-yil 15-sentabr soat 23:59 ga qadar (shu jumladan), kamida 100 (bir yuz) ta Buyurtmani bajarish;
2.3.4. Mukofot topshirilguniga qadar Kuponning asl nusxasini saqlab qolish;
2.3.5. Aksiya o‘tkaziladigan davrda Buyurtmalarni «Uklon» Onlayn servisi orqali bajarish. Aksiya doirasida faqat Ishtirokchi tomonidan «Uklon Driver» mobil ilovasida qabul qilingan, Buyurtmada ko‘rsatilgan manzilgacha to‘liq bajarilgan va belgilangan tartibda yakunlangan Buyurtmalar hisobga olinadi.
2.4. Mazkur Qoidalarga muvofiq nazarda tutilgan Aksiyada ishtirok etish shartlaridan birortasining bajarilmasligi tegishli Ishtirokchini Mukofot olish imkoniyatidan mahrum etadi. Aksiyada ishtirok etishning barcha shartlariga qat’iy rioya etish Ishtirokchi tomonidan Mukofot olishning zarur sharti hisoblanadi. Ishtirokchi Mukofotni olishdan yoki undan foydalanishdan voz kechish huquqiga ega.
2.5. Tashkilotchi Qoidalarning yangilangan tahririni Veb-saytda joylashtirish (e’lon qilish) orqali Aksiya shartlarini, Hududini va O‘tkazish muddatlarini o‘zgartirish huquqiga ega. Mazkur o‘zgartirishlar, agar Qoidalarning o‘zida boshqacha tartib belgilanmagan bo‘lsa, Veb-saytda e’lon qilingan paytdan e’tiboran kuchga kiradi.
3. AKSIYA G‘OLIBLARINI E’LON QILISH VA MUKOFOTLASH TARTIBI
3.1. Aksiya doirasidagi Mukofotlar soni — 5 (besh) ta. Aksiyaning Mukofotlar jamg‘armasi Tashkilotchining mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi hamda quyidagi Mukofotlarni o‘z ichiga oladi:
| Mukofotlar nomi | Miqdor |
| Neoline X-COP 8800s radar-detektori | 1 dona |
| Artel A43MF3300 Smart TV 43” televizori | 1 dona |
| Samsung Galaxy Tab A9 plansheti | 1 dona |
| Samsung Galaxy A56 5G 8/128 GB, Light Gray smartfoni | 1 dona |
| Samsung MG30T5018AG mikroto‘lqinli pechi | 1 dona |
3.2. Aksiya g‘oliblari 2026-yil 23-sentabr kuni https://youtogift.com/ru/random tasodifiy sonlar generatori (randomayzer) yordamida jonli efirda Tashkilotchining rasmiy Instagram (https://www.instagram.com/uklon_uz/) va Telegram (https://t.me/uz_uklon) sahifalarida aniqlanadi. Aksiyada faqat ushbu Qoidalarning 2-bo‘limida belgilangan shartlarni bajargan Ishtirokchilarning Kuponlari ishtirok etadi. G‘oliblarga Mukofotlar Tashkilotchining bosh ofisida topshiriladi.
3.3. Mukofotni olish uchun Ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tish vaqtida o‘ziga berilgan Kuponning asl nusxasini, shuningdek shaxsini tasdiqlovchi quyidagi hujjatlardan birini shaxsan taqdim etishi shart: ID-karta, haydovchilik guvohnomasi yoki eski namunadagi pasport. Kuponning asl nusxasi yo‘qolgan, shikastlangan yoki Mukofot topshirilayotgan vaqtda taqdim etilmagan taqdirda, Ishtirokchi Mukofotni olish huquqidan mahrum bo‘ladi. Mukofot Kuponning fotosurati, nusxasi yoki faqat haydovchining ID raqami ma’lumotlar bazasidagi ma’lumotlarga mos kelganligi asosida berilmaydi. Kuponning asl nusxasi Ishtirokchining Mukofotni olish huquqini tasdiqlovchi yagona majburiy hujjat hisoblanadi.
3.4. Agar tekshiruv davomida yoki tekshiruv yakunlangandan so‘ng, biroq Mukofot topshirilgunga qadar, Ishtirokchi/G‘olib platforma qoidalarini buzganligi aniqlansa, u hech qanday shartsiz Mukofotni olish huquqidan mahrum etiladi. Tashkilotchi bunday Ishtirokchiga nisbatan Aksiya natijalarini bir tomonlama bekor qilish va buning uchun hech qanday kompensatsiya to‘lamaslik huquqini o‘zida saqlab qoladi. Bunday hollarda Mukofot zaxira jamg‘armasiga o‘tkaziladi yoki qayta o‘ynaladi.
3.5. Aksiya yakunlangach, Tashkilotchi Aksiya g‘oliblarini e’lon qiladi hamda ro‘yxatdan o‘tish vaqtida ko‘rsatilgan telefon raqami orqali ular bilan bog‘lanib, Mukofotni olish uchun taklif qiladi. G‘olib Aksiya natijalari e’lon qilingan kundan e’tiboran 30 (o‘ttiz) kalendar kuni ichida Mukofotni olishi shart. Agar mazkur muddat davomida G‘olib Mukofotni olish uchun kelmasa, aloqaga chiqmasa yoki Kuponning asl nusxasi hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim eta olmasa, u Mukofotni olish huquqini butunlay yo‘qotadi. Bunday holda Mukofot Tashkilotchi ixtiyorida qoladi va keyingi marketing tadbirlarida foydalanilishi mumkin.
3.6. Bir Ishtirokchi Aksiya doirasida faqat bitta Mukofot olishi mumkin.
3.7. Aksiyaning Mukofotlar jamg‘armasi Tashkilotchining mablag‘lari hisobidan shakllantiriladi hamda faqat Aksiya G‘oliblariga Mukofot taqdim etish uchun foydalaniladi.
3.8. Mukofot faqat Aksiya G‘oliblariga taqdim etiladi va uni uchinchi shaxslarga o‘tkazish huquqisiz beriladi. Mukofotni pul ekvivalenti yoki boshqa har qanday ko‘rinishdagi ne’mat bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashkilotchi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra talab qilib olinmagan yoki topshirilmagan Mukofotlarni Aksiya doirasida o‘z ixtiyoriga ko‘ra tasarruf etish huquqiga ega.
4. UMUMIY SHARTLAR
4.1. Tashkilotchi aloqa operatorlari xizmatlari, internet-provayderlar xizmatlari sifati, shu jumladan, biroq ular bilan cheklanmagan holda, Aksiya o‘tkazilishi davrida aloqa kanallaridan foydalanishda ma’lumot uzatish bilan bog‘liq texnik nosozliklar, aloqa operatorlari faoliyati, aloqa operatorlari va/yoki internet-provayderlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan har qanday xatolar uchun javobgar emas, buning natijasida Aksiya Ishtirokchisi Mukofot olish huquqi haqida xabardor qilinmagan yoki kechiktirib xabardor qilingan bo‘lsa ham.
4.2. Tashkilotchi Mukofot olish huquqiga oid har qanday nizolar bo‘yicha javobgar emas. Har qanday holatda bunday nizolar yuzasidan yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi.
4.3. Agar Aksiya Ishtirokchisi Mukofotni olish imkoniyatidan foydalanmagan bo‘lsa yoki Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra Mukofotdan foydalana olmasa, Tashkilotchi javobgar bo‘lmaydi.
4.4. Tashkilotchi fors-major holatlar (yengib bo‘lmaydigan kuch holatlari), jumladan tabiiy ofatlar, yong‘in, suv toshqini, har qanday ko‘rinishdagi harbiy harakatlar, blokadalar, Aksiya o‘tkaziladigan hududda amal qiluvchi qonunchilikdagi muhim o‘zgarishlar hamda Tashkilotchi nazoratidan tashqaridagi boshqa holatlar yuzaga kelgan taqdirda, Qoidalarning buzilishi, Mukofot taqdim etilmasligi yoki taqdim etilgan Mukofotdan foydalanish imkonsizligi uchun javobgar emas.
4.5. Mukofotni olish faqat Mukofot olish huquqiga ega bo‘lgan Aksiya Ishtirokchilariga ruxsat etiladi. Mukofot yoki uni olish huquqi bitim predmeti, to‘lov vositasi yoki garov predmeti bo‘ladigan har qanday harakatlar, operatsiyalar, bitimlar va kelishuvlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Mukofotni almashtirish, shu jumladan pul ekvivalenti yoki boshqa ne’mat bilan almashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
4.6. Ishtirokchi tomonidan Aksiyada ishtirok etish maqsadida internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa xizmatlaridan foydalanish xarajatlari Ishtirokchi tomonidan mustaqil ravishda o‘z hisobidan to‘lanadi hamda tegishli xizmat ko‘rsatuvchi provayder tarif rejasiga muvofiq amalga oshiriladi.
4.7. Tashkilotchi, shuningdek u jalb qilgan uchinchi shaxslar internet tarmog‘i va/yoki mobil aloqa faoliyatidagi texnik nosozliklar, shuningdek Tashkilotchiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa texnik uzilishlar uchun javobgar emas.
4.8. Tashkilotchi Aksiyani to‘liq yoki qisman o‘tkazish uchun uchinchi shaxslarni jalb qilish huquqiga ega.
4.9. Ro‘yxatdan o‘tish va Kuponni olish orqali Ishtirokchi O‘zbekiston Respublikasining shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchiligiga muvofiq, Aksiyani o‘tkazish, G‘oliblarni aniqlash hamda Mukofotlarni topshirish maqsadida Tashkilotchi tomonidan o‘zining shaxsga doir ma’lumotlariga ishlov berilishiga rozilik beradi.
4.10. Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq tartibga solinadi. Mazkur Qoidalarni turlicha talqin qilish mumkin bo‘lgan hollarda, shuningdek Qoidalar bilan tartibga solinmagan nizoli masalalar yuzaga kelganda, yakuniy qarorni Tashkilotchi qabul qiladi. Tashkilotchining Aksiyani o‘tkazish bilan bog‘liq barcha masalalar bo‘yicha qarorlari yakuniy hisoblanadi.
4.11. Ishtirokchilarni Qoidalar haqida xabardor qilish Qoidalarni Veb-saytda joylashtirish orqali amalga oshiriladi. Keyinchalik paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan qo‘shimcha axborot turli usullar bilan reklama materiallarini joylashtirish orqali yetkazilishi mumkin: radio orqali e’lon qilish, internet tarmog‘i va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirish, bosma reklama materiallarida, tashqi reklama vositalarida, Onlayn-servis Foydalanuvchilariga email-xabar yuborish, Mobil ilovada Push- va TCP-xabarlar, Viber yoki SMS-xabarlar hamda boshqa internet-media vositalari orqali.
4.12. Soliqlar va yig‘imlarni to‘lash majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga muvofiq belgilanadi hamda Aksiya Qoidalarida nazarda tutilgan xususiyatlar inobatga olingan holda aniqlanadi.
4.13. Mazkur Qoidalarga o‘zgartirishlar va/yoki qo‘shimchalar Tashkilotchi tomonidan tasdiqlangan va Tashkilotchi saytida e’lon qilingan taqdirda kiritilishi mumkin.
4.14. Mazkur Qoidalarda nazarda tutilmagan barcha masalalarda Tashkilotchi hamda Aksiya Ishtirokchilari/G‘oliblari O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligiga amal qiladilar.
4.15. Tomonlarning javobgarlik choralari, shuningdek nizolarni hal etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi amaldagi qonunchiligi talablariga muvofiq belgilanadi.
4.16. Mazkur Qoidalar Aksiyani o‘tkazish muddati tugaguniga qadar hamda Mukofotlar topshirilgunga qadar amal qiladi.
Ushbu tahrir 2026 yil 01 avgustdan boshlab kuchga kiradi.